“Yashil makon”: “Ziyolilar bog‘i”ni barpo etish uchun ko‘chat ekish marafoni boshlandi
Denov tadbirkorlik va pedagogika institutining Sh. Rashidov ko‘chasida joylashgan binosi hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Ziyolilar bog‘i”ni barpo etish maqsadida daraxt ko‘chatlari ekish marafoniga tantanali start berildi. Mazkur ezgu tashabbusda Denov tumani hokimi Anvar Normamatov ishtirok etib, atrof-muhitni asrash, yashil hududlarni kengaytirish va kelajak avlodga sog‘lom ekologik muhit qoldirish borasidagi bunday loyihalarning ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Tadbir davomida hokim bog‘ning ilk daraxtlarini shaxsan ekib, barchani tabiatga mehr va mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishga chorladi.
Aksiya jarayonida institut rektori Oybek Ruziyev, soha prorektorlari, professor-o‘qituvchilar, faol xodimlar hamda g‘ayratli talaba-yoshlar bir tan-u bir jon bo‘lib ishtirok etdilar. Loyiha doirasida jami 1000 ga yaqin mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, “Ziyolilar bog‘i” kelgusida nafaqat yashil maskan, balki ma’naviyat, ilm-fan va ekologik madaniyat ramziga aylanishi ko‘zda tutilmoqda. Ushbu tashabbus yoshlarda tabiatga e’tibor, vatanparvarlik va jamoaviylik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.



Manba: t.me/dtpi_uz/49905